Farzandingizni intiluvchan bo’lishini istaysizmi?

Ota-ona bolaga tarbiya berishda bolaning oldiga maqsad qo’yishi kerak ekan. Ana shunda bola har bir ishiga mas’uliyat bilan yondashishni o’rganar ekan.

Bola ma’lum bir istagingizni siz aytganingiz uchun emas, balki bu narsa unga foydali bo’lgani uchun qilishi kerakligini anglay olishi lozim.

Masalan, «Sen bugun yaxshi baho olishing kerak, bo’lmasa, dadangdan kaltak yeysan» deyishingiz ikki natijaga olib kelishi mumkin:
1. Bola otasidan qo’rqib, qobiliyati yetsa, yaxshi baho olib keladi.
2. Bolaning qobiliyati yetmay yomon baho olsa, uyga kelishga qo’rqib, sizdan haqiqatni berkitishga harakat qiladi.

Buning o’rniga siz nega bola yaxshi baho olib kelishi kerakligini unga tushuntirib berishingiz lozim. Axir buning sababi «otaning jahldorligi» emas-ku. Buning haqiqiy sababi yaxshi baho olgan bola kelajakda imtihonlarni yaxshi topshira oladi, katta bo’lganda nufuzli oliygohlarga kirib o’qiy oladi, o’zi istagan mamlakatlarga sayohat qila oladi, yaxshi ishda ishlab, zo’r mashinaga ega bo’ladi va hokazo.

Mana shunday ezgu maqsadlar bolaga har vaqt tushuntirilishi kerak. Bir marotabada tushunmasa ham, bir necha bor misollar bilan keltirilgan ijobiy maqsadlar bola ongiga borib-borib singiydi va u o’z ixtiyori bilan yaxshi o’qishga intiladi.

Hamma bolaning o’z kichik niyatlari bo’ladi. O’g’il bolalar chiroyli mashinaga ega bo’lishnj, multfilm qahramonlariga yoki otasiga (bobosiga) o’xshashni xohlaydilar.

Qiz bolaning niyatlari o’gil bolanikidan farqliroq bo’ladi. Qiz bolalar kichikligida malika bo’lishni, tarbiyachi, o’qituvchi bo’lishni istaydilar. Ularga ham ma’lum bir ish qildirayotganingizda oddiygina: «O’yinchoqlaringni yig’ishtirsang, senga muzqaymoq olib beraman», deyish o’rniga, «Malika bo’lish uchun qizlar odobli, saranjom bo’lishi kerak», degan gapingiz unga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.

Ana shu niyatlarni tushunib, unga shu orzuga erishish uchun qanday yo’l tutishi kerakligi yo, aksincha, qanday yo’l tutmaslikni tushuntira olsangiz, bola kichikligidan o’z ishlariga mas’uliyatli bo’lishni o’rganadi.

Albatta, bu bir kunlik ish emas, bu bolalik davrida davom ettirilishi kerak bo’lgan kundalik hayotdir.

Misol uchun, ota-onasidan qo’rqib yoki ma’lum bir sovg’a olish uchun yaxshi o’qib kelayotgan bolaning o’z bilimlarini foydali qo’llash ehtimoli kam. Aksincha, o’z xohishiga ko’ra, o’zi tushuna oladigan maqsad sari intilib, yaxshi o’qiyotgan bola butun umr o’z oldiga ezgu maqsad qo’yib, unga intilish foydali ekanligini anglab, yutuqlarga erishib yuradi. Oila qurganida ham oilaviy munosabatlarda mas’uliyatli, vafodor inson bo’la oladi.

Manba: https://farzandtarbiyasi.uz/

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Yopish Mening Savatim
Yaqinda ko'rilgan Yopish

Yopish
Navigatsiya
Bo'limlar
  • Mahsulot toifalari mavjud emas.